Bugun Saudiya Arabistoniga safarimiz yakuniga yetdi. Ar-Riyod shahrida “Human Capability Initiative 2025” xalqaro forumida ishtirok etdik. Safar davomida qilingan ishlar, uchrashuvlarni eslatib oʻtsam.
📌 Oʻzbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va Islom taraqqiyot banki oʻrtasida 40 million dollarlik grant shartnomasi imzolandi.
📌 “Hamma uchun SI savodxonligi: Barqaror salohiyat uchun teng imkoniyatlar” mavzusidagi vazirlar davra suhbatida ishtirok etib, soʻzga chiqdim, Oʻzbekistonda raqamli va sunʼiy intellekt savodxonligini shakllantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtdik.
📌 Saudiya Arabistoni taʼlim vaziri Yusuf ibn Abdullo al-Bunyan bilan uchrashib, maktabgacha va maktab taʼlimi infratuzilmasini yaxshilash, investitsiya loyihalarini kengaytirish va xususiy sektorni jalb qilish xususida suhbatlashdik.
📌 Islom Taraqqiyot Banki prezidenti Muhammad Al-Djasser bilan kechgan muloqotda transformatsiyaviy taʼlim tashabbuslari, inklyuziv taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi ustuvor yoʻnalishlarni muhokama qildik.
📌 Birlashgan Arab Amirliklari taʼlim vaziri Sara Al-Amiri xonim bilan uchrashuvimiz ham yangiliklarga boy boʻldi. Uchrashuvda “Emirates National Schools” bilan taʼlim dasturlari va xalqaro maktab qurish boʻyicha hamkorlik, Abu-Dabi taʼlim kolleji bilan pedagoglar malakasini oshirish, Prezident maktablari oʻquvchilarining BAAdagi xalqaro tanlovlarda ishtirok etishi, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Xalifa universiteti oʻrtasida talabalar almashinuvi, joriy yil Samarqandda oʻtkaziladigan “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz davlatlari” sammitida ilgari suriladigan taʼlimga doir yangi tashabbuslar xususida fikr almashdik, kelishuvlarga erishdik.
📌 Bugun esa Saudiya Arabistonining “JAD AL-ALMIA” kompaniyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda oʻqituvchilar malakasini interaktiv platformalar orqali oshirish, xalqaro grantlar jalb etish boʻyicha hamkorlikda ish olib borish, tanlangan maktablarda dastlabki loyihalarni yoʻlga qoʻyish kabi qator masalalarda hamkorlikni muhokama qildik.
Ushbu uchrashuvlar, kelishuvlar, hamkorliklarning barchasi taʼlim sohasida xalqaro aloqalarni kuchaytirish, ilgʻor tajribalarni oʻrganish, zamonaviy yondashuvlarni oʻz vaqtida amaliyotga joriy qilib borish imkonini beradi.